Ommaviy oferta
«Interbrands» internet-doʻkoni
Ushbu ommaviy Oferta (bundan buyon — Shartnoma) «A BRANDS SAVDO» MChJning (bundan buyon — Sotuvchi) ushbu ofertada belgilangan shartlarda Tovarni oldi-sotdi qilish shartnomasini tuzish uchun muomala layoqatiga va zarur vakolatlarga ega boʻlgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsga yoʻllangan rasmiy taklifi boʻlib, shartnomaning barcha muhim shartlarini oʻz ichiga oladi.
I. HUQUQIY ASOS
1.1. Oferta Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, «Elektron tijorat toʻgʻrisida», «Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida», «Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida»gi qonunlar hamda https://interbrands.uz/ manzilidagi «A BRANDS SAVDO» MChJ rasmiy internet-doʻkonida elektron tijorat shaklida tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. Elektron tijorat shaklida amalga oshiriladigan ulgurji va chakana savdo Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-noyabrdagi 407-son qarori bilan tasdiqlangan ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari hamda 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari bilan tartibga solinadi.
1.3. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, 1996-yil 26-apreldagi 221-I-son «Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
II. ATAMALAR TAʼRIFI
2.1. Ushbu ofertada, agar mazmundan boshqacha maʼno kelib chiqmasa, quyidagi atamalar tegishli maʼnoda qoʻllanadi va uning ajralmas qismi hisoblanadi:
Aksept — taklifda koʻrsatilgan shartlarda shartnoma tuzishga rozilik bildirish boʻlib, huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Internet-doʻkon saytida Tovarga buyurtma — Xaridor https://interbrands.uz/ saytida yoki +998 78 555 50 30 telefoni orqali Operator yordamida Tovar sotib olish arizasini rasmiylashtirish vaqtida sotuvga taklif etilgan assortimentdan tanlagan pozitsiyalar.
Internet-doʻkon — Sotuvchining https://interbrands.uz/ manzilida joylashgan rasmiy internet-doʻkoni.
Oferta — bir shaxsga, bir nechta aniq shaxsga yoki nomaʼlum doiradagi shaxslarga yoʻllangan, shartnomaning barcha muhim shartlarini oʻz ichiga olgan va oferta bergan shaxsning ushbu shartlarda javob bergan har qanday shaxs bilan shartnoma tuzish istagini ifodalovchi taklif.
Buyurtmani tasdiqlash — Sotuvchi (Operator) tomonidan Xaridorga Buyurtma qabul qilingani, Tovarning nomi, miqdori, yakuniy narxi va yetkazib berish qiymati koʻrsatilgan xabar.
Sotuvchi — «A BRANDS SAVDO» MChJ chakana savdo internet-doʻkoni.
Xaridor — axborot tizimlaridan foydalanib Tovarni yakuniy isteʼmol uchun sotib oluvchi va ushbu oferta shartlarida ommaviy ofertani aksept qilgan har qanday jismoniy shaxs (Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti yoki norezidenti).
Roʻyxat — tegishli sifatdagi qaytarib yoki ayni shunday tovarga almashtirib boʻlmaydigan nooziq-ovqat tovarlari roʻyxati (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalariga 1-ilova).
Tovar — tomonlar kelishuvining predmeti, https://interbrands.uz/ rasmiy internet-doʻkonida taqdim etilgan assortimentdagi mahsulotlar.
Elektron tijorat ishtirokchisi — elektron tijoratda tovarlar (ishlar, xizmatlar) Sotuvchisi yoki Xaridori boʻlgan jismoniy shaxs.
III. UMUMIY QOIDALAR
3.1. Xaridorning Internet-doʻkon saytida joylashtirilgan Tovarga Buyurtma berishi uning ushbu Ofertaning barcha shartlari, jumladan IX boʻlim «Tovarlarni qaytarish va almashtirish» bilan tanishgani va ularga roziligini bildiradi.
3.2. Sotuvchi Ofertaga oʻzgartirish kiritishga haqli. Oʻzgartirishlar saytda rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 10 (oʻn) kalendar kun oʻtgach kuchga kiradi. Oʻzgartirishlar kuchga kirishidan oldin Sotuvchi tomonidan tasdiqlangan Buyurtmalarga tatbiq etilmaydi; bunday Buyurtmalarga tasdiqlangan paytda amal qilgan Oferta tahriri qoʻllanadi.
3.3. Agar Internet-doʻkon saytida boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, Ofertaning amal qilish muddati cheklanmagan.
3.4. Sotuvchi Internet-doʻkon saytida Tovar haqida toʻliq va ishonchli maʼlumot, jumladan asosiy isteʼmol xususiyatlari, ishlab chiqarilgan joyi, kafolat muddati va yaroqlilik muddati haqidagi maʼlumotni taqdim etadi. Narx, mavjudlik, xususiyatlar va tasvirlar texnik sabablarga koʻra yangilanmagan boʻlishi mumkin va Operator bilan aniqlashtirilishi lozim.
IV. TOVAR NARXI
4.1. https://interbrands.uz/ saytida koʻrsatilgan narxlar axborot-maʼlumot xarakteriga ega boʻlib, narx sharti qismida ommaviy oferta hisoblanmaydi.
4.2. Sotuvchi Buyurtma tasdiqlanguniga qadar Tovar narxini bir tomonlama oʻzgartirishga haqli. Buyurtma tasdiqlangan paytdan boshlab kelishilgan narx yakuniy hisoblanadi va Sotuvchi tomonidan bir tomonlama oʻzgartirilmaydi.
4.3. Tovarning yakuniy narxi Buyurtmani tasdiqlash vaqtida Xaridorga maʼlum qilinadi. Xaridor tasdiqlangan narxga rozi boʻlmasa, hech qanday jarima va sabab koʻrsatmasdan Buyurtmadan voz kechishi mumkin.
4.4. Tovar narxi Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi — soʻmda, barcha soliqlar va yigʻimlar hisobga olingan holda koʻrsatiladi.
4.5. Tasdiqlangan va/yoki Xaridor tomonidan toʻlangan Tovar narxini Sotuvchi oʻzgartirishi mumkin emas.
4.6. Tovarning Sotuvchi saytida mavjudligi uning omborda borligini kafolatlamaydi. Buyurtma tasdiqlangandan keyin Tovar mavjud boʻlmasa, Xaridorga quyidagi variantlardan biri taklif etiladi:
- Xaridor murojaat qilgan kundan boshlab koʻpi bilan 10 (oʻn) kun ichida toʻlangan summani toʻliq qaytarish;
- yangi yetkazib berish muddatlari bilan yangi taklif;
- mavjud boshqa Tovarni tanlash va narx farqiga qarab qoʻshimcha toʻlov yoki qaytarish.
Variantni Xaridor tanlaydi.
4.7. Xaridorning Tovar uchun toʻlov majburiyati Buyurtmani tasdiqlashda kelishilgan miqdordagi pul mablagʻi Sotuvchiga kelib tushgan paytdan bajarilgan hisoblanadi.
4.8. Sotuvchi yetkazib berish qiymatini Internet-doʻkon saytida koʻrsatadi yoki Buyurtmani tasdiqlash vaqtida Xaridorga maʼlum qiladi.
4.9. Sotuvchi va Xaridor oʻrtasidagi Tovar uchun hisob-kitoblar Internet-doʻkon saytida koʻrsatilgan usullarda amalga oshiriladi.
V. SHARTNOMA TUZILGAN PAYT
5.1. Ushbu Shartnoma matni Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasi 2-qismi va 426-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi.
5.2. Xaridor ushbu ofertani aksept qilishi asosida tuziladigan Shartnoma qoʻshilish shartnomasi boʻlib, Xaridor unga istisno va/yoki eʼtirozlarsiz qoʻshiladi.
5.3. Saytda grafik namuna-tasvirlar orqali taqdim etilgan tovarlar va xizmatlar Internet-doʻkon mulki hisoblanadi.
5.4. Monitorlarning turli texnik xususiyatlari sababli Tovar rangi saytdagi tasvirdan farq qilishi mumkin.
5.5. Tovarning tashqi koʻrinishi va xususiyatlari saytda koʻrsatilgan tavsifdan farq qilishi mumkin. Ushbu maʼlumot Buyurtma tasdiqlanishidan oldin Operator bilan aniqlashtirilishi lozim.
5.6. Xaridor soʻroviga koʻra Internet-doʻkon menejeri telefon yoki elektron pochta orqali Tovarni xarid qilish qarorini qabul qilish uchun zarur va yetarli maʼlumotni berishi shart.
5.7. Xaridorning saytda Buyurtma joylashtirishi shartnoma tuzish boʻyicha Xaridor taklifi hisoblanadi va oʻz-oʻzidan shartnoma tuzilganini anglatmaydi.
5.8. Chakana oldi-sotdi shartnomasi Sotuvchi Buyurtmani tasdiqlagan va Xaridor tasdiqlashda koʻrsatilgan shartlarga rozi boʻlgan paytdan tuzilgan hisoblanadi.
VI. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
6.1. Sotuvchi majbur:
6.1.1. Shartnoma tuzilgan paytdan uning shartlari va amaldagi qonunchilikka muvofiq Xaridor oldidagi barcha majburiyatlarni toʻliq bajarish.
6.1.2. Xaridorning shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlash va ularning maxfiyligini Oʻzbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq taʼminlash.
6.1.3. Saytda koʻrsatilgan telefonlar orqali Buyurtmani bajarish va Tovar xususiyatlariga oid aniq savollar doirasida bepul maslahat olish imkonini berish.
6.1.4. Axborotga ruxsatsiz kirish va/yoki uni Buyurtmani bajarishga bevosita aloqasi boʻlmagan shaxslarga uzatish urinishlarini oldini olish, bunday holatlarni oʻz vaqtida aniqlash va toʻxtatish.
6.2. Sotuvchi haqli:
6.2.1. Ushbu Shartnoma, Tovar narxlari, qoʻshimcha xizmatlar tariflari, toʻlov va yetkazib berish usullari hamda muddatlarini 3.2 va 4.2-bandlardagi cheklovlarni hisobga olgan holda Internet-doʻkon sahifalarida eʼlon qilish orqali bir tomonlama oʻzgartirish.
6.2.2. Oʻzgartirishlar 3.2-bandda belgilangan muddatlarda eʼlon qilingandan keyin kuchga kiradi va eʼlon qilingan paytdan Xaridorga maʼlum qilingan hisoblanadi.
6.2.3. Xaridorni oldindan ogohlantirib, u bilan telefon suhbatlarini yozib olish.
6.2.4. Shartnomani bajarishga uchinchi shaxslarni jalb etish, bunda ularning harakatlari uchun Xaridor oldida javobgar boʻlib qolish. Sotuvchining Shartnoma boʻyicha majburiyatlarini uchinchi shaxslarga oʻtkazish Xaridor roziligi bilan amalga oshiriladi.
6.2.5. Elektron hujjatlar va elektron xabarlarni saqlash uchun axborot vositachilariga topshirish.
6.2.6. XI boʻlimda koʻrsatilgan fors-major holatlari yuz berganda Shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik, shuningdek 4.6-bandga muvofiq majburiyatlarni bajarish shartlarini oʻzgartirish.
6.2.7. Xaridor uzrli sababsiz buyurtma qilingan Tovarni toʻlamasa va qabul qilmasa yoki kelishilgan muddat va manzilga yetkazilgan, oldindan toʻlangan Tovarni qabul qilmasa, Sotuvchi Shartnomani bir tomonlama bekor qilish va Tovar yetkazib berish bilan bogʻliq amalda qilingan hamda hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli.
6.2.8. Xaridor ilgari Buyurtma berib uni toʻlamagan, yetkazib berish vaqtida rad etgan, yetkazilgan Tovarni qabul qilmagan boʻlsa yoki Xaridor koʻrsatgan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga asosli shubha boʻlsa, Buyurtmani qabul qilish va bajarishni rad etish.
6.2.9. Buyurtma vaqtida Xaridor bergan maʼlumot notoʻgʻri yoki toʻliq emas deb taxmin qilishga asos boʻlsa, shuningdek haqoratli va/yoki noadekvat xatti-harakatlarda, Xaridor Buyurtmasini vaqtincha yoki doimiy ravishda qabul qilmaslik.
6.3. Xaridor majbur:
6.3.1. Shartnoma tuzilishidan oldin uning mazmuni va shartlari, Tovar narxlari hamda Internet-doʻkon sahifalaridagi boshqa shartlar bilan tanishish.
6.3.2. Sotuvchi oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun 7.2-bandda koʻrsatilgan, Xaridorni aniq identifikatsiya qilish va buyurtma qilingan Tovarni yetkazib berish uchun yetarli barcha maʼlumotlarni taqdim etish.
6.3.3. Buyurtma qilingan Tovar va uning yetkazib berilishini ushbu Shartnoma shartlarida toʻlash.
6.3.4. Nizolarning oldini olish uchun Buyurtma rasmiylashtirishda Sotuvchi saytda bergan maʼlumot bilan tanishish.
6.3.5. Sotuvchi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxs kelishilgan manzilga yetkazgan buyurtma Tovarni toʻlash va qabul qilish.
6.4. Agar Xaridor tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq maqsadlarda Tovar sotib olayotgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor boʻlsa, tomonlar munosabatlariga isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari tatbiq etilmaydi.
VII. BUYURTMANI RASMIYLASHTIRISH
7.1. Tovar Buyurtmasi Xaridor tomonidan https://interbrands.uz/ sayti xizmati orqali yoki +998 78 555 50 30 telefoni orqali Operator yordamida amalga oshiriladi. Xaridorga Tovar mavjudligi va batafsil maʼlumotni Operatordan aniqlashtirish tavsiya etiladi.
7.2. Internet-doʻkon saytida Buyurtmani rasmiylashtirishda Xaridor quyidagi axborotni taqdim etishni majburiyat qilib oladi:
7.2.1. Xaridorning yoki u koʻrsatgan shaxsning (oluvchining) ismi;
7.2.2. Tovar yetkaziladigan manzil (manzilgacha yetkazib berish tanlansa);
7.2.3. Aloqa telefoni.
7.3. Xaridor tanlagan Tovarning nomi, miqdori, assortimenti, artikuli va narxi saytdagi savatda koʻrsatiladi va Buyurtma tasdiqlanganda tasdiqlanadi.
7.4. Sotuvchiga qoʻshimcha maʼlumot zarur boʻlsa, u Xaridordan uni soʻrashi mumkin. Xaridor zarur maʼlumotni taqdim etmasa, Sotuvchi Xaridor tanlagan Tovar boʻyicha javobgar boʻlmaydi.
7.5. Xaridorning ushbu Oferta shartlarini qabul qilishi Internet-doʻkon saytida Buyurtmani rasmiylashtirish shaklini Oferta shartlariga rozilik belgisi bilan toʻldirish orqali yoki Buyurtmani Operator orqali rasmiylashtirishda amalga oshiriladi.
7.6. Sotuvchi Xaridor Buyurtmani rasmiylashtirishda taqdim etgan maʼlumotning mazmuni va toʻgʻriligi uchun javobgar emas.
7.7. Xaridor Buyurtma rasmiylashtirishda taqdim etgan maʼlumotning toʻgʻriligi uchun javobgar.
7.8. Masofaviy usulda oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan payt ushbu Ofertaning V boʻlimiga muvofiq belgilanadi.
VIII. TOVARNI YETKAZIB BERISH VA TOPSHIRISH
8.1. Sotuvchi Xaridorga Internet-doʻkon saytining «Yetkazib berish turi» boʻlimida koʻrsatilgan usullardan biri orqali Tovarni yetkazib berish xizmatini koʻrsatadi.
8.2. Agar masofaviy oldi-sotdi shartnomasi Tovarni Xaridorga yetkazib berish sharti bilan tuzilgan boʻlsa, Sotuvchi Shartnomada belgilangan muddatda Tovarni Xaridor koʻrsatgan joyga, agar joy koʻrsatilmagan boʻlsa — uning yashash yoki roʻyxatdan oʻtgan manziliga yetkazishi va Xaridorni bu haqda xabardor qilishi shart.
8.3. Xaridor yetkazib berish joyini Buyurtmani rasmiylashtirishdagi «Yetkazib berish usuli» boʻlimida koʻrsatadi.
8.4. Yetkazib berish muddati Buyurtmani qayta ishlash va bevosita yetkazib berish muddatlaridan iborat.
8.5. Yetkazib berish qiymati Internet-doʻkon saytida koʻrsatiladi yoki Buyurtmani tasdiqlashda Xaridorga maʼlum qilinadi.
8.6. Sotuvchi Tovarni topshiradi, Xaridor esa ushbu Shartnoma shartlarida qabul qiladi va toʻlaydi. Tovarga mulk huquqi Tovar Xaridorga amalda topshirilib, uning toʻliq qiymati toʻlangan paytdan Xaridorga oʻtadi. Tovarning tasodifiy nobud boʻlishi yoki shikastlanishi xavfi Tovar amalda topshirilgan paytdan Xaridorga oʻtadi.
IX. TOVARLARNI QAYTARISH VA ALMASHTIRISH
9.1. Tegishli sifatdagi Tovarlar
9.1.1. Xaridor xarid kunini hisobga olmagan holda 14 kun ichida tegishli sifatdagi nooziq-ovqat Tovarini Sotuvchidan ayni shunday Tovarga almashtirishga, bunday Tovar sotuvda boʻlmasa — shartnomani bajarishdan voz kechib, Tovar uchun toʻlangan summani qaytarishni talab qilishga haqli.
9.1.2. Almashtirish yoki qaytarish talabi quyidagi shartlar bir vaqtda bajarilganda qanoatlantiriladi:
- Tovar ishlatilmagan boʻlsa;
- uning tovar koʻrinishi, isteʼmol xususiyatlari, plombalari va zavod yorliqlari saqlangan boʻlsa;
- xarid fakti va shartlarini tasdiqlovchi hujjat (tovar yoki kassa cheki) mavjud boʻlsa.
Xaridni tasdiqlovchi hujjat yoʻqligi Xaridorni Tovarni Sotuvchidan olganini boshqa dalillar bilan isbotlash huquqidan mahrum qilmaydi.
9.1.3. Yigʻilmagan holda yetkaziladigan va yigʻishni talab qiladigan Tovar zavod qadoqlanishi ochilib, yigʻish boshlangan paytdan ishlatilgan hisoblanadi. Tovar koʻrinishi, zavod qadoqlanishi va plombalari saqlanmagani sababli tegishli sifatdagi bunday Tovar almashtirilmaydi va qaytarilmaydi.
9.1.4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalariga 1-ilovadagi tegishli sifatdagi qaytarib yoki almashtirib boʻlmaydigan nooziq-ovqat tovarlari Roʻyxatiga kiruvchi Tovarlar qaytarilmaydi va almashtirilmaydi, jumladan:
- uy sharoitida kasalliklarning oldini olish va davolash tovarlari, tibbiy asboblar va apparatlar, ogʻiz boʻshligʻi gigiyenasi vositalari, koʻzoynak linzalari, bolalarni parvarishlash buyumlari, dori vositalari;
- shaxsiy gigiyena buyumlari: tish choʻtkalari, taroqlar, soch qisqichlari, bigudilar, pariklar va shunga oʻxshash tovarlar;
- parfyumeriya va kosmetika tovarlari;
- metraj bilan sotiladigan toʻqimachilik, kabel, qurilish va pardozlash materiallari va boshqa tovarlar;
- tikuvchilik va trikotaj buyumlari, jumladan ichki kiyim, paypoq va qoʻlqop mahsulotlari;
- oziq-ovqat bilan aloqa qiladigan polimer materiallardan buyumlar, shu jumladan bir martalik idishlar, oshxona anjomlari, oziq-ovqatni saqlash va tashish idishlari hamda qadoqlash materiallari;
- maishiy kimyo tovarlari, pestitsidlar va agrokimyoviy vositalar;
- mebel garniturlari va komplektlari;
- qimmatbaho metall va toshlardan tayyorlangan buyumlar, qimmatbaho metallarga yarim qimmatbaho yoki sintetik toshlar oʻrnatilgan buyumlar, qirrali qimmatbaho toshlar;
- avtomobillar, moto-velo tovarlari, tirkamalar va ularning raqamli agregatlari, kichik qishloq xoʻjaligi mexanizatsiyasi vositalari, sayr kemalari va maishiy suzish vositalari;
- kafolat muddati belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar: maishiy metall va yogʻochga ishlov berish stanoklari, elektr maishiy mashina va asboblar, maishiy radioelektronika, hisoblash va nusxa koʻchirish texnikasi, foto va kino apparaturasi, telefon va faks apparatlari, elektr musiqa asboblari, elektron oʻyinchoqlar;
- hayvonlar va oʻsimliklar.
9.1.5. Sotuvchi realizatsiya qiladigan Tovarlarning katta qismi kafolat muddati belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy Tovarlarga kiradi. Tegishli sifatda bunday Tovarlar almashtirilmaydi va qaytarilmaydi. Buyurtma berish orqali Xaridor ushbu boʻlim va 9.1.4-banddagi Roʻyxat bilan tanishganini tasdiqlaydi.
9.1.6. 9.1.3–9.1.5-bandlardagi cheklovlar sifatsiz Tovarlarga tatbiq etilmaydi. Tovarda nuqson aniqlanganda Xaridor huquqlari Tovar Roʻyxatga kirishidan qatʼi nazar 9.2-band tartibida amalga oshiriladi.
9.1.7. Tovar Sotuvchining yetkazib berish xizmati orqali qaytariladi. Buning uchun Xaridor:
- «Kontaktlar» boʻlimida koʻrsatilgan telefonlar yoki info@interbrands.uz elektron pochta manzili orqali Internet-doʻkonga murojaat qiladi;
- qaytarish arizasini toʻldiradi;
- arizaga tovar/kassa cheki yoki Tovar aynan Sotuvchidan xarid qilinganini tasdiqlovchi boshqa dalilni ilova qiladi.
9.2. Sifatsiz Tovarlar
9.2.1. Agar Tovar nuqsonlari kafolat yoki yaroqlilik muddati davomida, bunday muddat belgilanmagan Tovarlar boʻyicha esa Tovar topshirilgan kundan boshlab olti oy ichida aniqlansa, Xaridor oʻz tanloviga koʻra quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
- Tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki Xaridor/uchinchi shaxs tomonidan tuzatish xarajatlarini qoplash;
- xarid narxini mutanosib kamaytirish;
- Tovarni ayni markadagi (model, artikul) Tovarga yoki narxni qayta hisoblagan holda boshqa marka (model, artikul)dagi ayni turdagi Tovarga almashtirish;
- shartnomani bekor qilish va Tovar uchun toʻlangan pulni qaytarish.
Xaridor talablari kassa yoki tovar cheki, kafolat muddati belgilangan Tovarlar boʻyicha esa tegishli rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat taqdim etilganda koʻrib chiqiladi.
9.2.2. Sifatsiz Tovarni qaytarish tartibi:
- Xaridor aniqlangan nuqsonni koʻrsatib qaytarish arizasini beradi;
- Tovar sifatini tekshirish uchun vakolatli servis xizmatiga yuboriladi. Sifat tekshiruvi, nuqson sababi boʻyicha nizo boʻlsa ekspertiza, Sotuvchi hisobidan oʻtkaziladi. Xaridor tekshiruvda qatnashishga haqli;
- tekshiruv natijasida nuqson sababiga doir xulosa tuziladi;
- nuqson zavod brakidan kelib chiqqan boʻlsa, Xaridor tanloviga koʻra Tovar almashtiriladi yoki nuqson bepul bartaraf etiladi.
Agar ekspertiza nuqsonlar Sotuvchi javobgar boʻlmagan holatlar sababli paydo boʻlganini aniqlasa, Xaridor ekspertiza xarajatlarini Sotuvchiga qoplashi shart.
9.2.3. Nuqsonli Tovarni almashtirish muddati:
- zavod braki belgilari aniq boʻlsa — 7 kun ichida;
- qoʻshimcha tekshiruv kerak boʻlsa — 20 kun ichida;
- ayni markadagi Tovar mavjud boʻlmasa — 1 oy ichida;
- olis hududlarga yetkazib berishda — 2 oy ichida.
9.2.4. Tovar nuqsonlarini bartaraf etish vakolatli texnik servis tomonidan sifat tekshiruvi oʻtkazilgandan keyin 20 kun ichida amalga oshiriladi.
9.2.5. Kafolat muddati tugaganidan keyin eʼtirozlar Tovarning xizmat muddati davomida ishlab chiqaruvchiga taqdim etiladi.
X. TOʻLOV USULLARI
10.1. Xaridor quyidagi usullarda toʻlov qilishi mumkin:
- naqd pul;
- bank plastik kartasi;
- https://interbrands.uz/ saytida koʻrsatilgan toʻlov tizimlari orqali;
- yuridik shaxslar uchun bank oʻtkazmasi orqali naqdsiz hisob-kitob.
10.2. Toʻlov usullari boʻyicha batafsil maʼlumot saytning «Toʻlov usullari» boʻlimida berilgan.
XI. FORS-MAJOR
11.1. Tomonlardan biri ushbu Shartnoma tuzilgandan keyin yuzaga kelgan yengib boʻlmaydigan kuch holatlari sababli majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajara olmasa, tegishli javobgarlikdan ozod etiladi.
11.2. «Yengib boʻlmaydigan kuch holatlari» tomon oldindan koʻra olmagan yoki mavjud vositalar bilan oldini ola olmagan favqulodda hodisa yoki vaziyatlarni anglatadi. Ular jumlasiga, xususan, ish tashlashlar, suv toshqini, yongʻin, zilzila va boshqa tabiiy ofatlar, urush va harbiy harakatlar, Oʻzbekiston Respublikasi yoki boshqa davlatlar organlarining harakatlari hamda tomonlarning oqilona nazoratidan tashqaridagi boshqa holatlar kiradi.
11.3. Tomonlardan biriga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladigan qonunchilik yoki normativ hujjatlardagi oʻzgarishlar fors-major deb hisoblanmaydi. Biroq bunday oʻzgarishlar Shartnoma boʻyicha majburiyatni bajarishga imkon bermasa, tomonlar Shartnomani bajarishni davom ettirish uchun muammoni bartaraf etish tartibi boʻyicha zudlik bilan qaror qabul qilishi lozim.
XII. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI
12.1. Ushbu Shartnoma shartlarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik uchun tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar boʻladi.
12.2. Internet-doʻkonda joylashtirilgan barcha matnli axborot, grafik tasvir va xizmatlarning qonuniy huquq egasi mavjud; ulardan noqonuniy foydalanish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
12.3. Ushbu Oferta shartlaridan Oʻzbekiston Respublikasining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligida belgilangan qoidalarga nisbatan Xaridor huquqlarini cheklovchi qoidalar haqiqiy emas. Oferta bilan tartibga solinmagan yoki qonunchilikka zid qismda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi qoʻllanadi.
XIII. SHAXSGA DOIR MAʼLUMOTLAR
13.1. Ushbu Ofertani aksept qilish bilan Xaridor «A BRANDS SAVDO» MChJga oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini: familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, jinsi, pochta manzili, aloqa telefonlari, elektron pochta manzilini qayta ishlashga, jumladan, shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish, tizimlashtirish, toʻplash, saqlash, aniqlashtirish (yangilash, oʻzgartirish), ulardan foydalanish, uzatish (shu jumladan transchegaraviy uzatish — ushbu Ofertaning 13.5-1-bandida nazarda tutilgan tartibda), shaxsiylashtirmaslik, bloklash va yoʻq qilishga rozilik beradi.
13.2. Shaxsga doir maʼlumotlar faqat ushbu Shartnomani bajarish: Buyurtmani rasmiylashtirish, tasdiqlash va yetkazish, hisob-kitoblar, murojaat va eʼtirozlarni koʻrib chiqish, kafolat majburiyatlarini bajarish hamda qonunchilik talablarini ijro etish maqsadlarida qayta ishlanadi.
13.3. Xaridorga reklama va marketing xabarlarini yuborish maqsadida shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashga rozilik alohida beriladi va Xaridor uni istalgan vaqtda ushbu Shartnoma bajarilishiga taʼsir qilmagan holda qaytarib olishi mumkin.
13.4. Xaridor roziligi qayta ishlash maqsadlariga erishilgunga yoki Xaridor roziligini qaytarib olgunga qadar amal qiladi. Rozilik Sotuvchining pochta manziliga yoki info@interbrands.uz elektron pochta manziliga yozma ariza yuborish orqali qaytarib olinishi mumkin.
13.5. Xaridorning shaxsga doir maʼlumotlari Sotuvchi Shartnomani bajarishga jalb etgan uchinchi shaxslarga, jumladan yetkazib berish, servis va toʻlov tashkilotlariga, ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida va Oʻzbekiston Respublikasining maxfiylik hamda shaxsga doir maʼlumotlar xavfsizligi talablariga rioya qilish sharti bilan berilishi mumkin.
13.5-1. Ushbu Ofertani aksept qilish bilan Xaridor oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini (ismi, aloqa telefoni, yetkazib berish manzili va Buyurtma tarkibi) Sotuvchiga Buyurtmalar va tovar qoldiqlari hisobini yuritish, Xaridor bilan aloqa va maʼlumotlarni saqlashni taʼminlovchi shaxslarga, shu jumladan texnik vositalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida (Rossiya Federatsiyasida) joylashtirgan holda, faqat ushbu Ofertaning 13.2-bandida koʻrsatilgan maqsadlarda transchegaraviy uzatishga ham rozilik beradi. Sotuvchi bunday shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va xavfsizligi haqidagi talablariga rioya etilishini taʼminlaydi.
13.6. Xaridor Sotuvchidan oʻz shaxsga doir maʼlumotlari, ularning qayta ishlanishi va foydalanilishi haqida toʻliq maʼlumot soʻrash, shuningdek notoʻgʻri, toʻliq boʻlmagan yoki noqonuniy qayta ishlanayotgan maʼlumotlarni aniqlashtirish, bloklash yoki yoʻq qilishni talab qilish huquqiga ega. Tegishli soʻrov Sotuvchining pochta manziliga yoki info@interbrands.uz elektron pochta manziliga yuboriladi.
XIV. BOSHQA SHARTLAR
14.1. Tomonlar ushbu Shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik bilan bogʻliq barcha nizolarni muzokara yoʻli bilan hal qilishga intiladi.
14.2. Muzokaralarda kelishuvga erishilmasa, nizolar Oʻzbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida koʻrib chiqiladi. Xaridor qonunchilikka muvofiq, jumladan oʻz yashash joyi boʻyicha sudga murojaat qilish huquqiga ega.
14.3. Ofertada havola qilingan va qoidalar hamda shartlarni tushuntiruvchi Internet-doʻkon boʻlimlari ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.
XV. SOTUVCHINING REKVIZITLARI
SOTUVCHI:
«A BRANDS SAVDO» MChJ internet-doʻkoni
«A BRANDS SAVDO» MChJ
Toshkent sh., Mirobod tumani, Surxon koʻchasi, 29
Turonbank ATB MAB, MFO 00446
H/r 2020 8000 2051 7168 5001
STIR 307 083 723
IFUT 47540
QQS toʻlovchisi kodi 326050095460
E-mail: info@interbrands.uz
Sayt: https://interbrands.uz/
Direktor: Tulkinov M.T.
Jamoaviy oferta matni bilan diqqat bilan tanishib chiqing. Agar Siz Ofertaning biror bandiga rozi boʻlmasangiz, Sotuvchi taqdim etayotgan Tovarlarni xarid qilishdan voz kechishga va ushbu Ofertaning 3.1-bandida koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshirmaslikka haqlisiz.
